Madaniyat

Qadimgi Marv: Murg‘ob deltasidagi shahar majmuasi bir necha tarixiy davrni saqlab qolgan

2 daq o‘qish5 ko‘rish
Qadimgi Marv: Murg‘ob deltasidagi shahar majmuasi bir necha tarixiy davrni saqlab qolgan

Hozirgi Turkmaniston hududida, Qoraqum qumliklari orasida joylashgan qadimgi Marv xarobalari tarixi haqida rossiyalik va britaniyalik arxeologlar ma’lumot berdi.

Rossiya-Turkmaniston Marg‘iyona arxeologik ekspeditsiyasi rahbari Nadejda Dubova va London Universitet kolleji (UCL) professori, “Qadimgi Marv” xalqaro loyihasi direktori Timoti Uilyams shaharning joylashuvi va ahamiyatini izohladi.

Marvning rivoji Murg‘ob daryosi deltasiga bog‘liq bo‘lgan. Daryo boshqa daryo yoki dengizga quyilmaydi, shimolda qumliklar orasida singib ketadi. Delta ming yillar davomida janubi-g‘arbga siljigan: miloddan avvalgi III–II ming yilliklarda u hozirgi Bayramalidan 80 kilometr shimolda bo‘lgan, XI–XII asrlarda Bayramali hududiga yetib kelgan. Bugun Murg‘ob yana qariyb 30 kilometrga siljigan, siljish davom etmoqda.

Dubovaning qayd etishicha, mintaqada savdo aloqalari Buyuk Ipak yo‘lidan ancha oldin shakllangan. Miloddan avvalgi IV ming yillikdayoq “Lojuvard yo‘li” orqali Badaxshondan Mesopotamiya, Misr va Hind daryosi vodiysiga lojuvard tashilgan. Keyinchalik mis, bronza va qo‘rg‘oshin savdosi rivojlangan.

Uilyams Marvning o‘ziga xosligini shunda ko‘radi: yangi shaharlar eskilarining ustiga emas, yoniga qurilgan, shu sababli arxeologlar bitta majmuada turli davrlarni o‘rganishi mumkin. Birinchi shahar markazi Erk-qal’a bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Saljuqiylar davrida Marv eng yuksak taraqqiyot bosqichiga chiqqan, 1999-yilda “Qadimgi Marv” davlat tarixiy-madaniy bog‘i YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Manba: Daryo

Muhim xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing

@format24_uz — Telegram kanalimizga obuna bo‘ling.

Obuna bo‘lish