Vengriya o‘zbekistonlik hamshira va o‘rta tibbiyot xodimlarini ishga jalb qilishga qiziqmoqda
Budapeshtda 22-noyabr kuni O‘zbekiston elchisi Oybek Shahavdinov Vengriya Sog‘liqni saqlash vazirligining parlament davlat kotibi Tamash Shved bilan uchrashdi.
Muzokaralarda sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, Vengriyaning yangi hukumati bilan samarali aloqa o‘rnatish va strategik sheriklikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar bir qator kelishuvga erishgan. Xususan:
🔵Vengriya 2027-yilning birinchi choragida O‘zbekistonga mutaxassislar guruhini yuborib, tez tibbiy yordam xizmati va oilaviy poliklinikalar ishini o‘rganishni rejalashtirmoqda;
🔵sohadagi huquqiy asosni mustahkamlash uchun hukumatlararo bitim loyihasi tayyorlanib, 2027-yilda bo‘ladigan yuqori darajadagi tashriflar chog‘ida imzolash imkoniyati o‘rganiladi;
🔵Vengriya klinikalarida O‘zbekistondan 5 nafar bemor — asosan ayollar va bolalar — bepul davolanishi bo‘yicha sinov loyihasi taklif etildi.
Kadrlar masalasida ham fikr almashildi: Vengriya tomoni o‘zbekistonlik hamshiralar va o‘rta tibbiyot xodimlarini ishga olish imkoniyatiga qiziqish bildirdi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning tibbiyot xodimlarini Yevropa davlatlarida ishga joylashtirish tajribasi bo‘yicha ma’lumot almashishga kelishildi.
Kelishuvlarni amalda boshlash uchun Tamash Shved 2027-yil yanvar oyida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvga tayyor ekanini aytdi.
Hozircha bu — niyat va kelishuvlar bosqichi: ishga yuborish tartibi, shartlari yoki xodimlar soni haqida aniq ma’lumot keltirilmagan.
Manba: Dunyo info



