Dunyoda oziq-ovqatning uchdan biriga yaqini isrof bo‘lmoqda — UNEP
BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) Oziq-ovqat chiqindilari indeksi hisobotiga ko‘ra, dunyoda yetishtirilgan oziq-ovqatning qariyb uchdan bir qismi iste’molchiga yetib bormaydi yoki axlatga tashlanadi.
Hosil yig‘ib olingach, do‘kon peshtaxtalarigacha bo‘lgan yo‘lda mahsulotlarning 13,2 foizi nobud bo‘ladi. Sabab — saqlash sharoitining yomonligi, muzlatgichlar yetishmasligi va logistika muammolari. Do‘konlar, restoranlar va xonadonlarda yana 19 foiz (yiliga 1,05 milliard tonna) oziq-ovqat chiqindiga aylanadi.
Isrofning 60 foizi xonadonlarda, 28 foizi umumiy ovqatlanish joylarida, 12 foizi chakana savdo do‘konlarida yuz beradi. Faqat uy xo‘jaliklarida har kuni 1 milliarddan ortiq porsiya tayyor ovqat tashlab yuboriladi. Shu bilan birga, dunyoda 780 milliondan ortiq inson to‘yib ovqatlanolmaydi yoki ochlikdan qiynalmoqda.
Hisobotda ekologik oqibatlar ham qayd etilgan: chiqindixonadagi oziq-ovqat qoldiqlari metan gazi ajratib, global isishni kuchaytiradi. Oziq-ovqat isrofi global issiqxona gazlarining 8–10 foizi uchun javobgar bo‘lib, bu aviatsiya sohasidagi ko‘rsatkichdan qariyb 4 barobar ko‘p. Isrof bo‘lgan mahsulotni yetishtirish uchun dunyodagi barcha qishloq xo‘jaligi yerlarining 28 foizi va katta hajmdagi chuchuk suv sarflanadi.
Ma’lumot uchun, mahalliy kuzatuvlarga ko‘ra, poytaxtdagi deyarli barcha chiqindi urnalarida iste’molga yaroqli ovqat va non qoldiqlari uchrab turadi.
Manba: ЎзА



