London Vashington Eronga qarshi zarbalarni qayta boshlashidan cho‘chimoqda — Bloomberg
Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Bernem boshchiligidagi hukumat AQSH Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyani yana boshlashi mumkinligidan xavotirda ekani Bloomberg agentligining 21-noyabrdagi materialida qayd etilgan.
Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, bu masala bir necha haftadan beri Londonda muhokama qilinmoqda. Avvaliga AQSHdagi oraliq saylovlarda respublikachilar yutqazgani Donald Tramp tashqi siyosatni yumshatishiga umid uyg‘otgan edi. Biroq Britaniya vazirlari so‘nggi kunlarda yangi zarba ehtimoli kuchayganini aytmoqda. London, shuningdek, AQSH va Isroilning fevral oyidagi hujumlari bilan boshlangan mojaro yaqin vaqtda tinch yo‘l bilan hal bo‘lishiga ishonmayapti.
Nomi oshkor etilmagan manbalar Tehron o‘z hududiga qilingan har qanday zarbaga javob qaytara oladigan jiddiy harbiy va kiber imkoniyatlarni saqlab qolganini ta’kidlagan. Bernem, tashqi ishlar vaziri Ed Milibend, moliya vaziri Jon Hili va mudofaa vaziri Ues Striting mojaro qayta avj olsa Britaniya iqtisodiyotiga qanday zarar yetishi mumkinligini qizg‘in muhokama qilgan.
Financial Times juma kuni AQSH rasmiylari armiyaning holatidan xavotirda ekanini yozgan: nashrga ko‘ra, Markaziy qo‘mondonlikda vaqt, mablag‘ va jangovar shaylik zaxirasi kamayib bormoqda.
Tramp 19-noyabr kuni Axios’ga bergan intervyusida bu borada shoshilmayotganini, yangi yil boshidan keyingi vaziyatni ko‘rib qaror qilishini aytgan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa The New York Times’ga ko‘ra, Trampni to‘rt-yetti kunlik havo hujumlari kampaniyasiga undamoqda.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi “na urush, na tinchlik” holatini tugatish uchun AQSH bilan muzokaralarga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, Vashington Eron portlariga qo‘yilgan blokadani bekor qilsa, Hormuz bo‘g‘ozini ikki kun ichida qayta ochish taklifi kuchda qolishini ta’kidlagan.
Manba: Daryo



