AQSH elchisini Kanadadan chiqarib yuborish so‘ralgan petitsiyani 285 mingdan ziyod kishi qo‘llab-quvvatladi
Kanadada 285 mingdan ortiq fuqaro federal hukumatdan AQSHning mamlakatdagi elchisi Pit Hukstrani chiqarib yuborishni so‘rab murojaat qilgan.
Petitsiya mualliflari diplomatni ikki qo‘shni davlat aloqalariga zarar yetkazayotgan ommaviy chiqishlar uchun ayblamoqda. Xususan, Hukstra 2025-yilgi federal saylov kampaniyasi “aksilamerika” ruhida o‘tganini aytgan edi. Hujjatda uning Kanadani AQSH ichki siyosatiga aralashishda ayblagani qayd etilgan. Shu bilan birga, diplomatning o‘zi Kanada siyosatiga oid “diplomatik protokolga zid” fikrlarni bir necha marta bildirgani ta’kidlanadi.
Imzo yig‘ish 18-noyabr kuni yakunlangan. Imzo qo‘yganlarning ko‘pchiligi Ontario va Britaniya Kolumbiyasi provinsiyalari aholisi.
Petitsiya ko‘rib chiqilishi uchun kamida 500 ta imzo kerak bo‘lgan, ya’ni to‘plangan ovoz bu talabdan ancha ko‘p. Shu sababli “Yashillar” partiyasining sobiq yetakchisi Elizabet Mey hujjatni Jamoalar palatasiga (parlamentga) topshirishi mumkin. Hujjat palataga kiritilsa, hukumat 45 kalendar kun ichida rasmiy javob berishi shart bo‘ladi.
Manba: Daryo



